“Denov Agro Star”da o'zbek limonining gigant navi yaratildi
“Denov Agro Star” ixtisoslashgan kompaniyasi tomonidan limonchilikda yangi imkoniyatlar eshigini ochishi mumkin bo‘lgan gibrid nav yaratildi. Yubileyniy va Meyer navlarini chatishtirish orqali “O‘zbek limon” deb nomlangan yangi gigant nav yetishtirilmoqda.
Yangi navning asosiy ustunligi — uning yirikligi, yuqori hosildorligi va qalin po‘stlog‘ida. Aynan mana shu xususiyat xorijiy kompaniyalarning e’tiborini tortmoqda. Xususan, Italiya va Yaponiya vakillari ushbu limondan efir moyi ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda. Hozirda mahsulot namunalari mazkur davlatlarga yuborilgan.
Limon po‘stlog‘idan olinadigan efir moyi kosmetika, parfyumeriya va farmatsevtika sanoatida keng qo‘llaniladi.
Bu yo‘nalishning xalqaro bozordagi salohiyatini 2025-yilgi savdo statistikasi ham ko‘rsatadi. Jahon bankining ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda Yaponiya 428 tonnadan ortiq, Italiya esa 1 238 tonnadan ziyod limon efir moyi import qilgan.
Yangi navning yana bir afzalligi — sharbat chiqish miqdorining yuqoriligidir. Unda bu ko‘rsatkich 45–50 foizgacha yetadi. Oddiy limonlarda esa 35–40 foiz atrofida. Olingan sharbatdan konsentrat va ekstrakt ishlab chiqariladi. Ushbu mahsulotlar oziq-ovqat sanoati, xususan, kulinariya sohasida keng qo‘llaniladi.
Hosildorlik borasida ham yangi nav an’anaviy limonlardan ustun. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning hosildorligi ikki baravar yuqori. Tegishli agrotexnik xizmatlar to‘g‘ri tashkil etilsa, yil davomida uzluksiz hosil olish imkoniyati mavjud.
Loyihaning keyingi bosqichida yangi navni aholi xonadonlarida kooperatsiya asosida yetishtirish rejalashtirilgan. Buning uchun qalamchalar ko‘paytirilib, aholiga yetkazib beriladi. Natijada xonadon egalari ham ichki bozor, ham eksport uchun raqobatbardosh mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, yangi navli limonni eksportga yo‘naltirish orqali an’anaviy limonlarga nisbatan uch baravar yuqori narxda sotish imkoniyati mavjud.
Denovda yaratilgan «O‘zbek limon» shunchaki yangi nav emas. U limonchilikni oddiy meva yetishtirishdan sanoat uchun xomashyo ishlab chiqarish va yuqori qo‘shimcha qiymat yaratish bosqichiga olib chiqishi mumkin bo‘lgan istiqbolli loyihadir.