“Uzagrostar Holding” va “Denov Agro Star” korxonalari vakillaridan iborat ishchi guruh Turkiyaning Osmaniye shahrida joylashgan Moyli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti (Yağlı Tohumlar Araştırma Enstitüsü Müdürlüğü) faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligining TAGEM tizimiga kiruvchi mazkur institut Osmaniye viloyatining asosiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlaridan biri bo‘lgan yeryong‘oq yetishtirish, uning navlarini takomillashtirish va sohani rivojlantirish bo‘yicha mamlakatdagi yetakchi ixtisoslashgan ilmiy markazlardan biridir.
Institutda Osmaniye iqlimi va tuproq sharoitiga mos, yuqori hosildor va kasalliklarga chidamli yeryong‘oq navlarini yaratish bo‘yicha seleksiya ishlari olib boriladi. Sinov maydonlarida mahalliy navlar bilan bir qatorda, dunyoning turli hududlaridan keltirilgan navlar ham ilmiy jihatdan o‘rganiladi.
Institutning zamonaviy laboratoriyalarida tuproq, o‘simlik va sug‘orish suvlari tahlil qilinadi, mahsulot sifati va xavfsizligi nazoratdan o‘tkaziladi. Jumladan, yeryong‘oq tarkibidagi inson salomatligi uchun xavfli bo‘lgan aflatoksinni aniqlash va uning oldini olishga qaratilgan tadqiqotlar amalga oshiriladi.
Shuningdek, suv resurslaridan samarali foydalanish, yeryong‘oqning vegetatsiya davridagi suvga bo‘lgan ehtiyojini aniqlash va zamonaviy sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Mahsulotni qayta ishlash va qo‘shimcha qiymat yaratish ham institut faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan SEECO loyihasi doirasida institut qoshida xavfsiz oziq-ovqat ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilgan. Bu yerda yuqori sifatli tuzlangan-qovurilgan yeryong‘oq hamda tabiiy yeryong‘oq pastasi ishlab chiqarilib, ichki va tashqi bozorga yo‘naltirilmoqda. Loyihalarda mahalliy aholi, xususan, xotin-qizlar bandligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Tashrif davomida Denov Agro Star mutaxassislari institutning seleksiya, ilmiy-tadqiqot, laboratoriya tahlillari, suvdan samarali foydalanish, mahsulot xavfsizligi va yeryong‘oqni qayta ishlash borasidagi tajribasini o‘rgandilar.