Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi taklifiga binoan, 24–27-sentabr kunlari Qirg‘iziston Respublikasida “Bir mahalla – bir mahsulot” (One Village One Product — OVOP) loyihasi doirasida o‘quv-amaliy tajriba almashinuvi tashkil etildi.
Mazkur xalqaro tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — OVOP loyihasi doirasidagi ishlarni yanada rivojlantirish, Qirg‘izistonning ilg‘or tajribalarini o‘rganish hamda ularni O‘zbekiston sharoitida samarali qo‘llash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishdan iborat.
Tajriba almashinuvida “Denov Agro Star” MChJ Xalqaro aloqalar, eksport va marketing bo‘limi boshlig‘i Suhrob Rahmonqulov ham delegatsiya tarkibida ishtirok etdi.
Xizmat safari davomida ishtirokchilar OVOP loyihasining hududlarda mahalliy mahsulotlarni rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarni qayta ishlash va eksport salohiyatini oshirish borasidagi amaliy tajribasi bilan yaqindan tanishdilar.
Xalqaro tajriba almashinuvi natijasida mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, hududiy brendlarni rivojlantirish va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qiluvchi yangi yondashuvlarni o‘rganish imkoniyati yaratildi.