“Uzagrostar Holding” va “Denov Agro Star” korxonalari vakillaridan iborat ishchi guruh Turkiyaning Adana viloyatida faoliyat yurituvchi, yiliga 20 ming tonnagacha mahsulotni qayta ishlash va eksport qilish quvvatiga ega “YALCHINAY” xususiy korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida korxonaning yeryong‘oq mahsulotlarini qabul qilish, birlamchi tozalash, qayta ishlash, saralash, qadoqlash hamda tayyor mahsulotni eksport qilish jarayonlari o‘rganildi.
Ma’lum qilinishicha, korxona har yili Turkiya va boshqa mamlakatlardan katta miqdorda yeryong‘oq xarid qilib, uni qayta ishlagan holda Yevropa, Arab davlatlari, Rossiya, Xitoy va boshqa xalqaro bozorlarga eksport qiladi. Ishlab chiqarish jarayoni yeryong‘oqni birlamchi tozalashdan tortib, chiqindilarni chorva ozuqasi uchun kombikormga aylantirishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab oladi.
Korxonada 20 nafardan ortiq ishchi faoliyat yuritib, ishlab chiqarish liniyalarini boshqarish jarayonida 4–5 kishidan iborat mutaxassislar guruhi ishlaydi. Zavoddagi texnologik liniyalarning barchasi Turkiyaning Akyurek kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan va o‘rnatilgan.
Uchrashuvda “YALCHINAY” xususiy korxonasi rahbari O‘zbekistondan ham yeryong‘oq mahsulotlarini cheklanmagan miqdorda xarid qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bunda asosiy talab mahsulotning xalqaro bozor standartlariga mosligi va yuqori sifatda tayyorlanishidir.
Xususan, korxona toza, oq rangli dukkakli, chaqilgan, kalibr bo‘yicha saralangan, po‘stlog‘idan tozalangan hamda ikki pallaga ajratilgan yeryong‘oq mahsulotlarini xarid qilishga qiziqish bildirdi.