Turkiyada “Akyürek Group Technology Machine” kompaniyasi faoliyati o‘rganildi
“Uzagrostar Holding” kompaniyasi hamda “Denov Agro Star” korxonasi vakillaridan iborat ishchi guruh Turkiyaning Mersin shahrida 1973-yilda tashkil etilgan “Akyürek Group Technology Machine” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Mazkur kompaniya asosan don va dukkakli ekinlar urug‘larini tozalash, rangiga va zararlanganligiga ko‘ra ajratish, saralash hamda qadoqlash uskunalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Bugungi kunda kompaniyada 400 nafarga yaqin xodim faoliyat olib boradi. Zavod 2,5 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, mahsulotlarning 75 foizi korxonaning o‘z ishlab chiqarish sexlarida tayyorlanadi. Qolgan zaruriy xomashyo va ehtiyot qismlar esa ishonchli hamkorlardan xarid qilinadi.
“Akyürek Group Technology Machine” mahsulotlaridan 95 ta mamlakat va 4 qit’ada foydalanilayotgani kompaniyaning ishlab chiqarish sifati va texnologik salohiyatidan dalolat beradi.
Tashrif davomida kompaniyaning ishlab chiqarish maydonlari hamda tayyor mahsulotlar namoyish etiladigan ko‘rgazma hududlari ko‘zdan kechirildi.
O‘rganishlar yakunida kompaniya bilan, ayniqsa, yer yong‘og‘ini to‘liq qayta ishlash uchun zarur bo‘lgan zamonaviy jihoz va uskunalar tizimlarini xarid qilish yo‘nalishida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib olindi.