Alata instituti: limonchilikda ilm va innovatsiyalar markazi
Ishchi guruh Mersin muzofotidagi Alata bog‘dorchilik va sabzavotchilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘lib, sitrus mevalari, xususan, limon yetishtirish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar bilan yaqindan tanishdi.
1943-yilda tashkil etilgan institut subtropik, citrus, dekorativ va sabzavot ekinlari seleksiyasi hamda ko‘chat yetishtirish yo‘nalishlarida tadqiqotlar olib boradi. Bugungi kunda institutda 231 nafar xodim, jumladan, 80 nafar ilmiy xodim faoliyat yuritmoqda. Muassasa tarkibida 11 ta laboratoriya hamda Tarsus, Jamla va Alata hududiy stansiyalari mavjud.
Institut olimlari tomonidan urug‘siz limon, apelsin, mandarin, shirin qalampir va pomidorning yangi navlari yaratilgan.
Mazkur tashrif davomida sitrus ekinlari seleksiyasi, zamonaviy ko‘chat yetishtirish texnologiyalari va limonchilik sohasidagi ilmiy yondashuvlar o‘rganilib, ilg‘or tajribalarni amaliyotga joriy etish imkoniyatlari muhokama qilindi.