“Denov Agro Star” mutaxassislari Turkiyada ilg‘or agrotexnologiyalarni o‘rganmoqda
“Uzagrostar Holding” kompaniyasi Hududiy ixtisoslashgan kompaniyalar faoliyatini kompleks rivojlantirish boshqarmasi hududiy menejeri Jo‘rabek Xolmurodov, “Denov Agro Star” korxonasi direktori O‘ktam Mahmudov, korxona olimi A. Rustamov hamda agronom A. Qalandarovlardan iborat delegatsiya Turkiya Respublikasiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — limon va yeryong‘oq yetishtirishning zamonaviy agrotexnologiyalarini o‘rganish, mahsulotlarni qayta ishlash texnologiyalari bilan tanishish, ilmiy-tadqiqot ishlanmalarini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni korxona faoliyatiga joriy etish.
Tashrifning dastlabki kunida ishchi guruh Adana muzofotidagi “BACANAKLAR” mashina va uskunalar ishlab chiqarish zavodi faoliyati bilan tanishib chiqdi. Zavodda asosan yer yong‘oq hosilini kovlab olish va quritilgan poyadagi mahsulotni yig‘ishtirib oluvchi kombaynlar ishlab chiqariladi. Zavodda hozirgi davrda 10 ta kombayn va kovlovchi uskunalar Rossiyadan kelib tushgan talabnoma asosida tayyorlanayotgan jarayon ko‘zdan kechirildi. Zavod faoliyati bilan to‘liq tanishib chiqilgandan keyin ishchi guruh a’zolari ushbu qazib oluvchi uskuna va kombayndan 2 donadan xarid qilish mumkinligini qayd etdilar.
Qazib oluvchi uskuna 1 kunda 12–15 gektardagi yer yong‘oqni kovlab olish imkonini beradi. Kombaynning o‘rtacha varianti 1 kunda 5–6 gektar maydondagi hosilni yig‘ishtirib olishga, yirik markasi esa 8 gektar maydondagi hosilni yig‘ishtirishga mo‘ljallangan. Bu kombaynlar yer yong‘oq poyasini 12–15 sm uzunlikda kesib, qatorlab joyiga to‘plab ketish imkoniyatiga ega. Bu holat yer yong‘oq poyasini yem-xashak uchun press-podborshik bilan presslash imkonini beradi.