Germaniyalik mutaxassislar “Denov Agro Star” faoliyati bilan tanishdi
Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) vakillari “Denov Agro Star” MChJga tashrif buyurib, korxonada amalga oshirilayotgan qishloq xo‘jaligi va qayta ishlash jarayonlari bilan tanishdilar.
Tashrif davomida germaniyalik agronomlar Andrey Lozan va Uve Hornesher, shuningdek, Germaniya Xalqaro hamkorlik jamiyatining O‘zbekistonda yashil iqtisodiyotni rivojlantirish loyihasi koordinatori Farhod Mirzaboyev korxonada yetishtirilayotgan va qayta ishlanayotgan mahsulotlarni ko‘zdan kechirdilar.
Mehmonlarga issiqxonalarda yetishtirilayotgan limonlarni parvarishlash jarayonlari namoyish etildi. Shuningdek, dalalarda yetishtirilayotgan yer yong‘oq hosili, uni yetishtirish texnologiyalari hamda korxonada ushbu mahsulotlarni qayta ishlash jarayonlari haqida ma’lumot berildi.
Tashrif doirasida mutaxassislar organik qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish imkoniyatlari, ekologik toza ishlab chiqarish usullarini joriy etish va yashil iqtisodiyot tamoyillarini rivojlantirish masalalarini ham o‘rgandilar.
Uchrashuv yakunida qishloq xo‘jaligida zamonaviy va ekologik barqaror yondashuvlarni keng joriy etish, organik mahsulotlar ishlab chiqarish salohiyatini oshirish hamda xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashildi.