"Denov Agro Star" fermer va bog‘bonlari Xitoyda tajriba almashmoqda
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida agro sohani rivojlantirish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi tajribalarini o‘rganish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash maqsadida 7 kunlik o‘quv-amaliy seminar tashkil etildi.
Mazkur seminar doirasida O‘zbekistonlik fermer va bog‘bonlar Xitoyning Sian shahriga tashrif buyurdi. Ishtirokchilar orasida “Denov Agro Star” MChJga biriktirilgan Denov, Qumqo‘rg‘on va Jarqo‘rg‘on tumanlaridan kelgan dehqon va bog‘bonlar ham bor.
7 kun davomida ishtirokchilar Xitoyning ilg‘or agrotexnologiyalari va bog‘dorchilik tajribasi bilan yaqindan tanishadilar.
Xususan, bog‘dorchilikning zamonaviy usullari, mevali daraxtlarga shakl berish va parvarishlash, ko‘chat yetishtirish texnologiyalari, payvandlashning zamonaviy usullari, meva va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash jarayonlari, zamonaviy agrotexnologiyalar va ishlab chiqarish tajribasi, hosildorlikni oshirish hamda bog‘larni samarali boshqarish usullarini o‘rganadilar.
Bunday xalqaro o‘quv seminarlar fermer va bog‘bonlarning bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirish, ilg‘or xorijiy tajribalarni mahalliy sharoitga joriy etish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida yangi imkoniyatlarni yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi.